Jannatga kirish uchun duolar, zikrlar va amallar
Allohning 99 ismlarini yod olish
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi va sallam: «Allohning to‘qson to‘qqizta ismi bor. Kim ularni yod olsa, jannatga kiradi. Albatta, Alloh toqdir va toqni yaxshi ko‘radi», dedilar». Ikki shayx va Termiziy rivoyat qilgan.
Har bir farz namoz ortidan “Oyatal Kursiy”ni o‘qish.
Abu Umoma roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Payg‘ambar alayhissalom shunday deganlar: “Kim har bir farz namoz ortidan “Oyatal Kursiy”ni o‘qisa, o‘zi bilan jannatga kirish o‘rtasini faqatgina o‘lim to‘sib turadi”. Nasaiy va Ibn Sunniy rivoyati.
Sayyidul istig‘forni aytish
Shaddod ibn Avs roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
“Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Kim sayyidul istig‘for – «Allohumma anta robbiy la ilaha illa anta xolaqtaniy va ana ʼabduka va ana ʼala ʼahdika va vaʼdika mastatoʼtu aʼuzu bika min sharri ma sonaʼtu, abu‘u laka biniʼmatika ʼalayya va abu‘u bizambiy fag‘firliy fainnahu la yag‘firuz zunuba illa
anta»ni kechki payt aytib, shu kuni vafot etsa, jannatga kiradi. Kim tongda aytib, shu kuni vafot etsa, unda
ham jannatga
kiradi», dedilar.
(Maʼnosi: Allohim, Sen Parvardigorimsan, Sendan boshqa iloh yo‘q. Meni xalq qilding va men Sening qulingman. Men Senga
bergan vaʼdamda va Senga bergan ahdimda qodir bo‘lganimcha turibman. Qilgan narsalarimning yomonidan Sening noming bilan
panoh tilayman. Menga ato qilgan neʼmatlaringga iqror bo‘ldim. Va yana gunohlarimga ham iqror bo‘ldim. Mening gunohlarimni
kechir. Chunki Sendan boshqasi gunohlarimni kechira olmaydi.) Imom Buxoriy rivoyatlari.
Rozilik duosini aytish
Abu Said Xudriy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Kim:
«Roziytu billahi robban va bil islami diynan va bimuhammadin sollallohu alayhi vasallama rosula»,
desa, unga jannat vojib bo‘ladi», dedilar.
(Maʼnosi: Allohni rabbim deb, Islomni dinim deb, Muhammad alayhissalomni rasul deb rozi bo‘ldim.) Abu Dovud rivoyat qilganlar.
Baʼzi manbalarda, ushbu duoni ertalab va kechqurun 3 marta aytish kerakligi haqida yozilgan.
Salomni keng yoyish, taom ulashish, silai rahm qilish va kechasi namoz o‘qish.
Payg‘ambar alayhissalom dedilar: “Ey insonlar, salomni keng yoyinglar, taom ulashinglar, silai rahm qilinglar hamda odamlar uxlayotgan paytda namoz o‘qinglar, xotirjam jannatga kirasizlar”. Ibn Mojja va boshqalar rivoyati.
Rost gapirish, ahdga vafo qilish, omonatni ado qilish, farjni saqlash, ko‘zni pastga qaratish hamda qo‘lni tiyish.
Uboda ibn Somit roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi, Payg‘ambar alayhissalom dedilar: “Menga olti narsaga kafolat bersalaringiz, men sizlarga jannatning kafolatini beraman. Ular: gapirsangiz rost gapiring, vaʼda bersalaringiz vafo qilinglar, omonatni ado etinglar, farjlaringizni saqlanglar, ko‘zlaringizni pastga qaratinglar, qo‘llaringizni tiyinglar”. Ibn Xuzayma, Ibn Hibbon, Hokim va boshqalar rivoyat qilishgan.
(Ayollarga tegishli). Besh vaqt namozni ado etish, ramazon ro‘zasini tutish, farjni saqlash va erga itoat qilish.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi, Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam dedilar: “Agar ayol kishi besh vaqt namozini o‘qisa, Ramazon ro‘zasini tutsa, farjini saqlasa va eriga itoat qilsa, unga: “Jannatning qaysi eshigidan xohlasang, shunisidan kir” deyiladi”. Ibn Hibbon rivoyati.
Uchta qiz yoki singilni boqib, tarbiya qilish
Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shunday dedilar: “Kimning uchta qizi yoki singlisi bo‘lsa, Allohdan qo‘rqib, ularning tarbiyasiga bosh bo‘lsa, men bilan jannatda mana shunday birga bo‘ladi” deb ko‘rsatkich hamda o‘rta barmoqlarini birlashtirib ishora qildilar”. Abu Yaʼlo rivoyati.
Yetimparvarlik
Sahl ibn Saʼd roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Nabiy alayhissalom dedilar: “Men bilan yetimning kafilligini olgan kishi jannatda mana shunday birga bo‘lamiz” deb, ko‘rsatkich va o‘rta barmoqlarini birlashtirib ishora qildilar”. Buxoriy rivoyati.
Savdo-sotiqda bag‘rikenglik
Usmon ibn Affon roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi, Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam dedilar: “Alloh sotib olayotganda, sotayotganda, hukm qilayotganda, hukm qilinayotganda yengillik qilgan kishini jannatga kiritadi”. Buxoriy va Nasaiy rivoyati.
Qiynalgandan kechib yuborish
Huzayfa roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi, Nabiy alayhissalom dedilar: “Bir odam vafot etdi va jannatga kirdi. Undan “Nima amal qilarding?” deb so‘raldi. U: “Men odamlar bilan oldi-sotdi qilar edim. Qiynalgan odamni ko‘rsam, pulini kechib yuborardim” dedi. Shu sababli u mag‘firat qilindi”. Muslim rivoyati.
Payg‘ambar alayhissalom dedilar: “Bir kishi odamlarga qarz berardi. Xodimiga: “Agar qarzni to‘lashga imkoni yo‘q kishi kelsa, kechib yubor. Zora shu ishimiz tufayli Alloh ham bizning gunohimizni kechib yuborsa” der edi. U Allohga yo‘liqdi. Alloh uning gunohini kechib yubordi”. Muslim rivoyati.
Yomon ish va yomon so‘zdan saqlanish
Sahl roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam:
«Kim menga ikki oyog‘i orasidagi narsaning va ikki jag‘i orasidagi narsaning kafolatini bersa, men unga jannatning kafolatini beraman», dedilar».
Buxoriy va Termiziy rivoyat qilishgan.
Hadisi sharifdagi ikki oyoqning orasidagi narsadan murod – jinsiy aʼzo, ikki jag‘ orasidagi narsadan murod – til.
Shirk keltirmaslik
Abu Zarr G‘iforiy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:
“Huzurimga Jibroil alayhissalom keldi. U menga: Ummatingdan kim Allohga biror narsani shirk keltirmagan holda o‘lsa, jannatga kiradi, deb bashorat berdi”,
dedilar.
Halollik, sunnat va yaxshilik
Abu Saʼid Xudriy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim halol (taom) yesa va sunnatga amal qilsa va insonlar uning yomonligidan omonda bo‘lishsa, u jannatga kiradi”, dedilar.