Allohning 99 ismlari ro'yxati va ma'nosi | Asmaul husna

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi va sallam: «Allohning to‘qson to‘qqizta ismi bor. Kim ularni yod olsa, jannatga kiradi. Albatta, Alloh toqdir va toqni yaxshi ko‘radi», dеdilar». Ikki shayx va Tеrmiziy rivoyat qilgan.

Alloh toq bo‘lgani va toqni yaxshi ko‘rgani uchun ham Uning go‘zal ismlari to‘qson to‘qqizta bo‘lgan. Kim o‘sha to‘qson to‘qqiz ismni yod olsa jannatga kiradi. Chunki bu go‘zal ismlarni yod olgan kishi Alloh taoloning go‘zal ismlarini doimo zikr qilib yuradigan banda bo‘ladi. Ammo bu Alloh taoloning to‘qson to‘qqizdan boshqa ismi yo‘q dеgani emas. Albatta, Alloh taoloning ismlari ko‘p.

Allohning 99 ta ismlari ro'yxati yodlash uchun:

1) Alloh
2) ar-Rahmon
3) ar-Rahiym
4) al-Malik
5) al-Quddus
6) as-Salom
7) al-Mo‘min
8) al-Muhaymin
9) al-Aziz
10) al-Jabbor
11) al-Mutakabbir
12) al-Xoliq
13) al-Boriʼ
14) al-Musavvir
15) al-G‘affor
16) al-Qahhor
17) al-Vahhob
18) ar-Razzoq
19) al-Fattoh
20) al-Aliym
21) al-Qobiz
22) al-Bosit
23) al-Xofiz
24) ar-Rofeʼ
25) al-Muʼizz
26) al-Muzill
27) as-Samiyʼ
28) al-Basiyr
29) al-Hakam
30) al-Adl
31) al-Latiyf
32) al-Xabiyr
33) al-Haliym
34) al-Aziym
35) al-G‘afur
36) ash-Shakur
37) al-Aliy
38) al-Kabiyr
39) al-Hafiyz
40) al-Muqiyt
41) al-Hasiyb
42) al-Jaliyl
43) al-Kariym
44) ar-Raqiyb
45) al-Mujiyb
46) al-Voseʼ
47) al-Hakiym
48) al-Vadud
49) al-Majiyd
50) al-Boʼis
51) ash-Shahiyd
52) al-Haq
53) al-Vakiyl
54) al-Qaviy
55) al-Matiyn
56) al-Valiy
57) al-Hamiyd
58)al-Muhsiy
59) al-Mubdiʼ
60) al-Muʼiyd
61) al-Muhyi
62) al-Mumiyt
63) al-Hayy
64) al-Qayyum
65) al-Vojid
66) al-Mojid
67) al-Vohid
68) as-Somad
69) al-Qodir
70) al-Muqtadir
71) al-Muqaddim
72) al-Muaxxir
73) al-Avval
74) al-Oxir
75) az-Zohir
76) al-Botin
77) al-Voliy
78) al-Mutaʼoliy
79) al-Barr
80) at-Tavvob
81) al-Muntaqim
82) al-Afuvv
83) ar-Ra`uf
84) al-Molikul mulk
85) Zul jaloli val ikrom
86) al-Muqsit
87) al-Jomeʼ
88) al-G‘aniy
89) al-Mug‘niy
90) al-Moneʼ
91) az-Zorr
92) an-Nofeʼ
93) an-Nur
94) al-Hodiy
95) al-Badiyʼ
96) al-Boqiy
97) al-Voris
98) ar-Rashiyd
99) as-Sabur

Allohning 99 ta ismlari ro'yxati ma'nosi bilan:

1. Alloh - Alloh lafzi «alaha» feʼlidan olingan «iloh» masdariga mansub bo‘lib maʼbud - ibodat qilingan zot - maʼnosini anglatadi. Arablarda «iloh»ning avvaliga alif va lom harflari kiritilgan va «al-ilohu» hosil bo‘lgan. So‘ngra hamzaning harakatini lomi taʼrifga naql qilingan va bir jinsdagi ikki harfni idg‘om qilingandan keyin «Alloh» lafzi hosil bo‘lgan. Alloh lafzi yakkayu yagona maʼbudi haqqa ism bo‘lib qolgan. U zotdan boshqaga bu ism ishlatilmagan. Baʼzi ulamolar, Alloh ismi aʼzamdir, deganlar. Bu lafzi jalola haqida Ibn Atoulloh Sakandariy kabi zotlar alohida kitoblar ham yozganlar.

2. Rahmon – ulug‘ neʼmatlarni beruvchi. «Rahmon» sifati faqat Allohga xos bo‘lib, barchaga–kofirga ham, mo‘minga ham mehribon va neʼmat beruvchi, maʼnosini anglatadi. Rahmon sifatini Alloh taolodan boshqa hech kimga nisbatan ishlatib bo‘lmaydi.

3. Rohiym – latif neʼmatlarni beruvchi. «Rohiym» sifati esa xosroq bo‘lib, qiyomat kuni faqat mo‘minlarga rahm qiluvchi maʼnosini anglatadi va Allohdan o‘zgalarga, jumladan, Payg‘ambar alayhissalomga nisbatan ham ishlatiladi.

4. Malik – barcha narsaning egasi. «Malik» – haqiqiy egadir, Undan o‘zga ega yo‘q. Shuning uchun bandalar faqat Unga qul bo‘ladilar. Hech vaqtda bir qulga ikki xo‘ja bo‘lmaydi. Shuning uchun insonlar o‘zlariga o‘xshagan insonlarga emas, balki yagona yaratganga, haqiqiy ega-Malikka qul bo‘lishlari lozim.

5. Quddus - barcha ayblardan holi, noloyiq sifatlardan pok. Mutlaq muqaddaslik va mutlaq poklik Allohning O‘zigagina xosdir.

6. Salom - nuqsonlardan salomat, shuningdek, tinchlik-xotirjamlik va rohat beruvchi zot. Alloh «Salom» sifati ila bandalarga tinchlik, omonlik, xotirjamlik ato qiladi.

7. Mo‘min - iymon va omonlikni beruvchi.

8. Muhaymin - hamma narsani qamrab oluvchi, yaʼni, Alloh bandalaring barcha holatlariga guvoh bo‘lib turadi, Undan hech narsa maxfiy qolmaydi.

9. Aziz - barchaning ustidan g‘olib. Undan biror narsa g‘olib kela olmaydi.

10. Jabbor - oliy qadar, ulug‘, Uning oldida o‘zgalar o‘zini xor tutadi.

11. Mutakabbir - kibiryosi va ulug‘ligi mubolag‘ali zot. Uning oldida boshqalar qul bo‘lib turadigan zot.

12. Xoliq - Asli va o‘xshashi yo‘q narsalarni aniq bir o‘lchovlar bilan yaratuvchi. U zotda maxluqi yo‘qligida ham Xoliqlik maʼnosi mavjuddir. Alloh maxluqlar vujudga keltirilishidan oldin Xoliq, degan vasfga ega edi. U xaloyiqni xalq qilganidan boshlab Xoliq ismini olgani yo‘q. Xoliq mutlaq vujudga keltiruvchidir.

13. Boriʼ - yo‘qdan paydo qiluvchi, vujudga keltiruvchi. Boriʼ tafovutsiz qilib vujudga keltiruvchidir.

14. Musavvir - maxluqotlarning suvratini shakllanti-ruvchi. Har bir narsaga o‘ziga xos suvrat beruvchi.

15. G‘affor - Ko‘plab mag‘firat qilib, bandalarning aybini O‘z fazli ila ularni itob qilmasdan kechib yuboruvchi.

16. Qahhor - Barcha maxluqotlarni qabzasida tutib, ularni O‘z hukmiga yuritib va qudrati ila bo‘ysundirib turuvchi.

17. Vahhob - Ko‘plab neʼmatlarni behisob beruvchi.

18. Razzoq - Ko‘plab rizq beruvchi. Rizqlarni va ularning vositalarini yaratuvchi. Alloh maxluqotlariga hech bir oІirliksiz va qiyinchiliksiz yoki yordam so‘ramasdan rizq beruvchidir.

19. Fattoh - Ko‘plab narsalarni ochuvchi. O‘z rahmat xaziynasini bandalariga ochuvchi.

20. Aliym - Har bir narsani biluvchi. Bo‘lgan va bo‘ladigan, avvalgi va oxirgi, zohir va botin narsalarning barchasini biluvchi.

21. Qobiz - Ruhlarni qabz qiluvchi - tutuvchi. Xohlagan kishisining rizqini qabz qiluvchi. Qalblarni qabz qiluvchi.

22. Bosit - Ruhlarni kenglikka qo‘yib yuboruvchi. Xohlagan kishisining rizqini keng qilib qo‘yuvchi. Qalblarni keng qiluvchi.

23. Xofiz - Pasaytiruvchi. Misol uchun kofir va fosiqlarning martabasini ularni xoru zor qilib pasaytiradi.

24. Rofeʼ - Ko‘taruvchi. Misol uchun mo‘min va taqvodorlarning martabasini ularni azizu mukarram qilib ko‘taradi.

25. Muʼizz - Aziz qiluvchi. Kimni xohlasa to‘g‘ri yo‘lga solib aziz qiladi.

26. Muzill - Xor qiluvchi. Kimni xohlasa egri yo‘lga yurgani uchun xor qiladi.

27. Samiyʼ - Har bir narsani eshituvchi.

28. Basiyr - Har bir narsani ko‘ruvchi.

29. Hakam - Hukm qiluvchi.

30. Adl - Mutlaq adolat qiluvchi.

31. Latiyf - O‘ta lutf ko‘rsatuvchi. Barcha narsalarning nozik va daqiq joylarigacha biluvchi.

32. Xabiyr - Hamma narsadan o‘ta xabardor.

33. Haliym - G‘azabi qo‘zimaydigan va iqob qilishga shoshilmaydigan.

34. Aziym - Aql tasavvur qila olmaydigan darajada azamatli va ulug‘.

35. G‘afur - Ko‘p mag‘firat qiluvchi.

36. Shakur - Oz amal uchun ko‘p savob beruvchi.

37. Aliy - Martabasi oliylikda benihoya.

38. Kabiyr - Har bir narsadan katta.

39. Hafiyz - Har bir narsani komil muhofaza qiluvchi.

40. Muqiyt - Barcha moddiy va ruhiy qutlarni yaratuvchi.

41. Hasiyb - Kifoya qiluvchi. Qiyomat kuni bandalarning hisobini qiluvchi.

42. Jaliyl - Sifatlarida ulug‘likka ega bo‘lgan zot.

43. Kariym - Birov so‘ramasa ham, biror narsaning evaziga bo‘lmasa ham narsalarni ko‘plab ato qiluvchi. Lutf bilan itob qiluvchi. Qarama-qarshiliklardan pok bo‘lgan. Karamli ishlar va xislatlar sohibi.

44. Raqiyb - Hech bir zarrani ham qo‘ymay muroqaba qilib turuvchi.

45. Mujiyb - Duolarni ijobat qiluvchi.

46. Voseʼ - Keng – hamma narsani keng ilmi ila qamrab olgan. Barchani keng rahmati ila qamrab olgan.

47. Hakiym - Har bir narsani hikmat ila qiluvchi.

48. Vadud - Barchaga yaxshilikni ravo ko‘ruvchi.

49. Majiyd - Shon - sharafi va qadri baland va cheksiz.

50. Boʼis - Yuboruvchi: xalqlarga payg‘ambarlar yuboruvchi. Kishilarga himmat yuboruvchi. O‘liklarni qayta tiriltiruvchi.

51. Shahiyd - Har bir narsaga hoziru nozir. Barchaga shohidlik beruvchi.

52. Haq - O‘zgarmas sobit zot. Haqni yuzaga chiqaruvchi zot.

53. Vakiyl - Barchaning ishi unga topshirilgan zot.

54. Qaviy - Quvvatli zot.

55. Matiyn - Matonatli zot.

56. Valiy - Muhabbat qiluvchi, nusrat beruvchi va xalqining ishini yurituvchi zot.

57. Hamiyd - Barcha maqtovlar ila maqtalgan zot.

58. Muhsiy - Barcha narsaning hisobini olgan zot.

59. Mubdiʼ - Barcha narsalarni avval boshdan bor qilgan zot.

60. Muʼiyd - Yo‘q bo‘lgan narsalarni yana qaytadan bor qiluvchi.

61. Muhʼyi - Tiriltiruvchi. U zot o‘liklarni tiriltiruvchidir va bu ismga ularni tiriltirishdan oldin sazovordir. Uni ularni o‘lik bo‘lganlaridan keyin jon kiritib tirik qilganidan keyin tiriltiruvchi, deb atalganidek, ularni xalq qilishdan oldin, ularga hayot berishidan oldin ham, tiriltiruvchi, deyilaveradi. Xuddi, xaloyiqni xalq qilishidan oldin Xoliq bo‘lganidek. Alloh taologa qiyomat kuni o‘liklarni tiriltirishi uchun, tiriltiruvchi nomi berildi. Bas, shundan maʼlum bo‘ldiki, tiriltirish sifati Alloh taolo uchun tiriltirishdan oldin ham sobitdir.

62. Mumiyt - O‘ldirivchi. Barcha jonzotlarning jonini oluvchi.

63. Hayy - Tirik. U tirikdir, o‘lmas. Yaʼni, Allohning hayoti abadiydir, o‘lim ila yo‘q bo‘lmas. Shuningdek, Allohning hayoti azaliydir, oldindan yo‘q bo‘lgan emas. Yagona Allohning tirikligi O‘zigagina xos alohida hayot bo‘lib, bandalar hayotiga o‘xshash boshqa masdardan berilgan emas. Bu hayot azaliy va abadiydir. Boshlanish chegarasi ham, tugash chegarasi ham yo‘q. Allohning tirikligi hech bir jihatdan bandalarning hayotiga o‘xshamaydi.

64. Qayyum - O‘z o‘zidan qoim bo‘lgan va boshqalarni qoim qilgan zot. «Qayyum»lik sifatining maʼnosi, Alloh taborak va taoloning har bir narsa ustida turuvchi ekanligi va har bir turuvchi narsa Uning sababidangina turishidir. Shu bilan Allohning turishi boshqanikiga o‘xshamaydi va doimiydir.

65. Vojid - Topuvchi. Xohlagan narsasini topuvchi. Bu ishda birov Uni to‘sa olmaydi.

66. Mojid - Majdu sharaf sohibi bo‘lgan zot.

67. Vohid - Yagona. Bita. Bo‘linmas. U zot o‘z zotida ham, sifatlarida ham va ishlarida ham birdir.

68. Somad - Somad sifati ko‘p maʼnolarni o‘z ichiga oladi:
- itoat qilingan ulug‘–Usiz hech bir ish bitmaydi.
- hech kimga hojati tushmaydi, barchaning hojati Unga tushadi.
- butun maxluqot bitib tugasa ham, O‘zi doim boqiydir va hokazo.

69. Qodir - Cheksiz qudrat sohibi. U zot har bir narsaga qodirdir. Xar bir ish unga osondir. Alloh taolo azaldan har bir narsaga qodirdir. Agar Alloh azaldan har bir narsaga qodir bo‘lmasa, qachon va qandoq qilib har bir narsaga qodir bo‘la oladi. Ahli sunna va jamoa esa Alloh har bir narsaga qodirdir. Bunga hamma bo‘lishi mumkin narsalar kiradi. Bo‘lishi mumkin bo‘lmagan amri mahol narsalarga esa aqli bor odamlar ahamiyat bermaydilar, deydilar. Baʼzi bir fitnachi odamlar musulmonlarning iymoniga futur yetkazish uchun «Alloh o‘zi ko‘tarolmaydigan toshni ham yarata oladimi?» kabi bemaʼni savollarni beradilar. Bu kabi narsalar amri maholdir va ahli iymonlar ularga ahamiyat bermasliklari lozim.

70. Muqtadir - Juda ham qudratli.

71. Muqaddim - Oldinga suruvchi. U zot xohlagan shaxs va narsani xohlaganidan oldinga suradi.

72. Muaxxir - Orqaga suruvchi. U zot xohlagan shaxs va narsani xohlaganidan orqaga suradi.

73. Avval - U hamma narsadan avval, yaʼni, barcha mavjudotlar yo‘qligida Alloh bor edi. Mavjudotlarni «Avval» sifatiga ega bo‘lgan Alloh yaratdi. Yaʼni, Alloh vujudga kelishining boshlanishi yo‘qdir.

74. Oxir - U hamma narsa yo‘q bo‘lib ketganda ham O‘zi qoladi.

75. Zohir - Uning mavjudligi oshkor, ochiq-oydindir. U hamma narsadan zohir-ustundir.

76. Botin - U ko‘zga ko‘rinmaydi. Hammadan pinhon-maxfiy narsalarni bilib turuvchidir.

77. Voliy - Har bir narsaga voliy - ega bo‘lgan zot.

78. Mutaoliy - Nuqsonlardan yuqori turuvchi zot.

79. Barr - Ulug‘ yaxshilik qiluvchi.

80. Tavvob - Bandalarni tavbaga yo‘llovchi va ularning tavbasini ko‘plab qabul qiluvchi zot.

81. Muntaqim - Zolim va osiylardan intiqom oluvchi.

82. Afvvu - Afv qiluvchi.

83. Raʼuf - O‘ta shafqatli va mehribon.

84. Molikul Mulk - Mulk egasi. Bu dunyodagi ishlarni o‘zi xohlaganicha qiladi. Uning qazosini qaytaradigan va hukmini o‘zgartiradigan yo‘q.

85. Zul Jalol val Ikrom - Sharaf va kamol egasi. Karam va ikrom egasi.

86. Muqsit - O‘z adolati ila mazlumlarga nusrat va zolimlarga jazo beruvchi.

87. Jomeʼ - Jamlovchi. Barcha haqiqatlarni jamlovchi. Odamlarni qiyomat kuni jamlovchi.

88. G‘aniy - Behojat. Uning hech kim va hech narsaga hojati tushmaydi.

89. Mug‘niy - Behojat qiluvchi. U zot O‘z bandalaridan qay birini xohlasa behojat qilib qo‘yadi.

90. Moneʼ - Man qiluvchi.

91. Zorr - Zarar qiluvchi. Zararli narsalarni ham yaratuvchi.

92. Nofeʼ - Manfaat beruvchi.

93. Nur - O‘z-o‘zi ila zohir bo‘lgan va o‘zgalarni zohir qilgan.

94. Hodiy - Hidoyat qiluvchi. U zot O‘z fazli ila xohlagan kimsani hidoyat qiladi. Yaʼni, Alloh kimni to‘g‘ri yo‘lga hidoyat qilsa, albatta, O‘z xohishi va fazli ila hidoyat qiladi.

95. Badiyʼ - O‘xshashi yo‘q narsalarni keltiruvchi.

96. Boqiy - Boqiy qoluvchi. U doimiy bordir, unga foniylik oriz bo‘lmas.

97. Voris - Muvjudotlar yo‘q bo‘lganda ham boqiy qoluvchi zot.

98. Rashiyd - To‘g‘ri yo‘lga irshod qiluvchi.

99. Sabur - O‘ta sabrli. Osiylarni azoblashga shoshilmaydi.