Fotiha surasi matni o‘zbek tilida
(Makkada nozil bo‘lgan, 7 oyat)
1. Bismillahir rohmanir rohiym; 2. Alhamdu lillahi robbil ʼalamiyn; 3. Arrohmanir-rohiym; 4. Maliki yavmiddiyn; 5. Iyyaka naʼbudu va iyyaka nastaʼiyn; 6. Ixdinas sirotol mustaqiym; 7. Sirotollaziyna anʼamta ʼalayhim g‘oyril mag‘zubi ʼalayhim valazzolliyn.
Fotiha surasi haqida maʼlumot
Qurʼoni karimning birinchi surasi Fotiha bo‘lib, u Makkada va Madinada ikki marotaba nozil bo‘lgan. Suraning o‘nga yaqin nomlari bor. Ulardan mashhuri – “Fotiha” (Ochuvchi)dir. Kalomulloh ushbu sura bilan boshlangani sababli shunday nom berilgan. Sura kichik bo‘lsa-da, Islom dini asoslarini o‘zida jamlagan, yaʼni butun Qurʼoni karimning maʼnosini o‘z ichiga olgan. Shu sabab ushbu sura “Ummul Qurʼon”, “Ummul Kitob”, yaʼni “Qurʼonning onasi” degan nomlar bilan ham ataladi. Hijratdan keyin Madinada, qibla o‘zgarganda takroran nozil bo‘lgani sababli bu suraning yana bir nomi “As-sabʼul masoniy”, yaʼni “yetti takrorlanuvchi”dir. Bu haqda Qurʼoni karimda Alloh taolo Rasululloh sollallohu alayhi va sallamga xitob qilib: «(Ey Muhammad alayhissalom), darhaqiqat, Biz Sizga yetti takrorlanuvchini (yaʼni, yetti oyatdan iborat bo‘lgan, namozning har bir rakatida takrorlanadigan Fotiha surasini) va Ulug‘ Qurʼonni ato etdik», deydi (Hijr surasi, 87-oyat). Baʼzi ulamolar bu sura avval Makkada, so‘ng Madinada ikki marta nozil bo‘lgan, shu bois takrorlanuvchi degan nomga ega, deydilar. Shuningdek, namozning har bir rakatida Fotiha surasi o‘qiladi. Qurʼoni karimda Allohga hamd bilan boshlanuvchi besh sura bo‘lib, ulardan birinchisi Fotihadir.
Sura xosiyatlari
Mufassirlar Fotiha surasini o‘qishda insonga ko‘rinadigan va ko‘rinmaydigan mingta xosiyat bor, deyishadi. Ulardan ayrimlari “Fatovoi sufiya” kitobida bunday keltiriladi: “Kim qirq kun Bomdod namozi sunnatini o‘qiganidan keyin to farz namoziga takbir aytilgunicha qirq bir marotaba Fotiha surasini o‘qib, Alloh taolodan nimani so‘rasa, barcha duosi ijobat bo‘ladi. Agar kambag‘al bo‘lsa, Alloh taolo uni boy qiladi, kasal bo‘lsa, shifo beradi, zaif bo‘lsa, quvvatli qiladi, g‘arib bo‘lsa, Alloh uni aziz qiladi, bepusht, farzandsiz bo‘lsa, farzandli bo‘ladi, qarzdor bo‘lsa, qarzidan najot topadi”.
Fotiha surasi o‘qilgan joyga Alloh taoloning qirq yilgacha balo va ofatlari kelmaydi. Zam-zam suviga Fotiha surasi o‘qib dam solinsa, keyin u shifo umidida ichilsa, turli kasalliklarga shifo bo‘ladi.
Shuningdek, ushbu sura “Shifo” surasi deb ham atalib, u qalbdagi va tanadagi turli kasalliklarga davo bo‘ladi. Abu Said Xudriy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi va sallam bizni – o‘ttiz otliq askarni jangga jo‘natdilar. Yo‘lda bir arab qishlog‘iga tushdik. Ulardan bizni mehmon qilishlarini so‘ragan edik, istamadilar. Shu vaqtda ularning boshliqlarini chayon chaqib olgan ekan, ular bizning oldimizga kelib: “Oralaringizda chayon chaqqaniga qarshi dam soladigan kishi bormi?” deb so‘rashdi. Men shunday duoni bilishimni aytib: “Ammo sizlar bizga haq to‘lamasangizlar men ham dam solmayman”, dedim. Ular: “Biz sizlarga o‘ttizta qo‘y beramiz”, deyishgach, men “Alhamdu” surasini yetti marta o‘qigan edim, haligi odam darddan butunlay xalos bo‘ldi. Biz qo‘ylarni olganimizdan keyin ko‘nglimizda shubha uyg‘ondi va ulardan birontasiga tegmay, Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning huzurlariga kelib, bo‘lgan voqeani aytib bergan edik, u zot: “Alhamdu” – ruqiya, u bilan dam solsa shifo bo‘ladigan sura ekanini qayerdan bilding? U qo‘ylarni taqsimlab olinglar va menga ham o‘zlaringiz bilan birga bir ulush bo‘linglar”, dedilar».
Imom Ahmad va Imom Bayhahiy “Shuʼabul iymon” kitobida Abdulloh ibn Jobir roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisi sharifda Rasululloh sollallohu alayhi va sallam unga: “Men senga Qurʼonda nozil bo‘lgan eng yaxshi sura haqida xabar beraymi?” dedilar. Abdulloh: “Xabar bering, yo Rasululloh”, dedi. Nabiy alayhissalom: “U Fotiha surasidir. Unda barcha kasal uchun shifo bordir”, dedilar.
Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: «Fotiha surasi har qanday dardga shifodir» dedilar (Imom Dorimiy rivoyati); «Bu surani chayon chaqib olganga yetti marta o‘qib dam solinsa, inshoalloh, shifo bo‘ladi», dedilar (Imom Termiziy rivoyati).