Uyga kirayotganda o‘qiladigan duo

Manzilga kirayotganda «Bismilloh»ni aytib, zikrni ko‘paytirib, uyda odam bo‘lsin-bo‘lmasin, salom berib kirish mustahabdir. Alloh taolo Nur surasining 61-oyatida: «Bas, qachon uylarga kirsangizlar, bir-birlaringizga Alloh huzuridan bo‘lgan muborak pokiza salomni aytinglar (yaʼni, assalomu alaykum, denglar)», deb buyuradi.

Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam menga: «Ey o‘g‘ilcham, uyingga kirsang, salom berib kir. Bu ishing o‘zingga va ahli ayolingga baraka keltiradi», dedilar». Imom Termiziy rivoyatlari.

Abu Molik Ashʼariy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Kishi uyiga kirayotganida: «Allohumma inniy as`aluka xoyral mavlaji va xoyral maxraji, bismillahi valajna va bismillahi xorojna va ʼalallohi robbina tavakkalna».
(Maʼnosi: Ey Rabbim, Sendan kirishning ham, chiqishning ham yaxshisini so‘rayman. Allohning ismi bilan kirdik. Allohning ismi bilan chiqdik. Rabbimiz Allohga tavakkal qildik), deb aytib, so‘ngra ahliga salom bersin», dedilar. Abu Dovud rivoyatlari.

← Boshqa duolar