Alaq surasi matni o‘zbek tilida

Bismillahir Rohmanir Rohiym

1. Iqro` bismi Robbikallaziy xolaq;

2. Xolaqol insaana min ʼalaq;

3. Iqro` va Robbukal akrom;

4. Allaziy ʼallama bilqolam;

5. ʼallamal insaana maa lam yaʼlam;

6. Kallaa! Innal insaana layatg‘oo;

7. Ar ro`ahus tag‘naa;

8. Inna ila Robbikar-rujʼaa;

9. Aroaytallaziy yanhaa;

10. ʼabdan izaa sollaa;

11. Aroayta in kaana ʼalal hudaa;

12. Av amaro bit taqvaa;

13. Aroayta in kazzaba va tavallaa;

14. Alam yaʼlam biannallooha yaroo;

15. Kallaa laillam yantahi lanasfaʼam bin naasiyah;

16. Naasiyatin kaazibatin xootiah;

17. Fal yadʼu naadiyah;

18. Sanadʼuz zabaaniyah;

19. Kallaa laa tutiʼhu vasjud vaqtarib.


Alaq surasi haqida maʼlumot

Makkada nozil bo‘lgan. 19 oyatdan iborat.

Ushbu surai karimaning nomi o‘zining ikkinchi oyatidagi «alaq» so‘zidan olingandir. «Alaq» so‘zini o‘z tilimizga tarjima qiladigan bo‘lsak, «zuluk» degan maʼnoni anglatadi. Ha, hammamizga maʼlum bo‘lgan «zuluk» nomli, chuvalchangga o‘xshash, qon so‘rdirish uchun tibbiy maqsadlarda ham ishlatiladigan hayvonni arablar «alaq» deydilar. Arab tili lug‘atida esa «alaq» so‘zi «yopishib-osilib olish» degan maʼnoni anglatadi. Zuluk ham tekkan joyiga yopishib-osilib olgani uchun «alaq» nomini olgan. Ammo barcha tafsirchilarimiz oyatdagi «alaq» so‘ziga «qotib qolgan qon» degan maʼnoni berganlar. Chunki onaning bachadonida zuluk bo‘lishi mumkin emas. Balki erkakning maniysi ayolning tuxumchalari ila urchishi oqibatida laxta qon paydo bo‘ladi, ana o‘sha homilaning birinchi bosqichi bo‘ladi. Xuddi mana shu tushuncha yuzasidan, hamma ulamolar «alaq»ni «qotgan qon», «laxta qon» deb tafsir qilganlar. Ulardan olgan maʼlumotlarimizga ko‘ra, biz ham «Tafsiri Hilol»ning birinchi nashrida xuddi shu maʼnoni keltirganmiz.

Lekin Qurʼoni Karim oldida barcha insoniyat o‘zining chegaralangan ilmi ila ojizdir. Ilm-fan rivojlanishi bilan Qurʼon maʼnolari ham yangidan-yangi maʼlumotlar ila namoyon bo‘lib boraveradi. Jumladan, homila to‘g‘risidagi ilm ham rivojlandi. O‘ta murakkab asboblar ila tekshirishlar o‘tkazila boshlandi. Homila ilmi bo‘yicha eng oliy xalqaro mukofotlarni olgan g‘arblik olimlar maniydagi jonivorchalar zulukka o‘xshashini kashf etdilar. Eng ajablanarlisi, erkakning urug‘i ayolning tuxumchalariga urchishi orqali paydo bo‘lgan homila o‘zining maʼlum bosqichida xuddi zuluk kabi bo‘lar ekan. Buning suratlari ham nashr etildi. O‘sha alaq (zuluk) ayolning bachadoniga yopishib olib, o‘ziga ozuqani so‘rib, rivojlanib borar ekan. Qurʼoni Karimning ushbu ilmiy mo‘jizasiga barcha g‘arblik olimlar ham tan berdilar. Ilmiy anjumanlarda, o‘z kitob va maqolalarida buni qayta-qayta taʼkidladilar. Bu Qurʼoni Karimning haqiqiy ilohiy Kitob ekaniga dalil emasmi?! Qurʼonning birinchi nozil bo‘lgan lafzlari shunchalik mo‘jizalarni ichiga olganligi hammani iymonga, Islomga, toat-ibodatga chorlashi kerak emasmi?!

Bu moddiy mo‘jiza Qurʼoni Karimning ikkinchi oyatida o‘z aksini topgan bo‘lsa, uning birinchi oyatida eng ulkan mo‘jiza, maʼnaviy mo‘jiza o‘z aksini topgandir. Bu so‘z «Iqroʼ» – «O‘qi!» so‘zidir. Ha, mana shu surai karima Qurʼoni Karimning eng avval nozil bo‘lgan surasidir. Muhammad alayhissalom Hiro g‘orida o‘zlaricha ibodat qilib o‘tirganlarida, kunlardan bir kun Jabroil alayhissalom shu suraning avvalgi besh oyatini keltirganlar, qolgan oyatlarni esa keyinroq olib kelganlar.

Eng muhimi, birinchi so‘z «Iqroʼ» – «O‘qi»dan iborat bu xitob o‘qish-yozishni bilmaydigan xalqdan chiqqan, o‘qish-yozishni o‘rganmagan zotga bo‘lganidir. Bu xitob o‘qishga va ilmga daʼvatdir va Islom o‘zining birinchi lahzalaridan boshlab ilm tarqatish, jaholatni yo‘qotish uchun kelganidan nishonadir.

Alaq surasi insonni alaqdan xalq qilgan, Akram sifatiga ega bo‘lgan, qalam bilan taʼlim bergan, insonga u bilmaganini bildirgan Robbi nomi bilan o‘qishga amr qilishlar bilan boshlanadi.

So‘ngra ilmsiz bo‘lib, molu dunyo tufayli tug‘yonga ketgan inson haqida so‘z yuritilib, qaytib borish Robbining huzurigagina bo‘lishi taʼkidlanadi.

Keyin esa tug‘yonga ketganlarning bittasi qilgan kirdikor misol qilib keltiriladi.

Xotimada esa o‘sha tug‘yonga ketgan kofir o‘z zalolatidan, tug‘yonidan qaytmasa, oqibati yomon bo‘lishi taʼkidlanadi va Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamga va u zot orqali barcha mo‘min-musulmonlarga tug‘yonga ketgan osiylarning tahdididan qo‘rqmay, Alloh taoloning toatida va ibodatida bardavom bo‘lish amr qilinadi.

← Boshqa suralar