Asr surasi matni o‘zbek tilida
Bismillahir Rohmanir Rohiym
1. Val ʼasr;
2. Innal insaana lafii xusr;
3. Illallaziina aamanuu va ʼamilus soolihaati va tavaasov bilhaqqi va tavaasov bissobr.
Asr surasi haqida maʼlumot
Makkada nozil bo‘lgan. 3 oyatdan iborat.
Ushbu surai karimaga ham uning birinchi oyati nom bo‘lib qolgan. «Asr» kalimasi «zamon», «yuz yil», «umr», «Asr namozi», «Asr namozining vaqti» kabi maʼnolarni anglatadi. Alloh taolo ushbu surani asr bilan qasam ichib boshlab, asrning ahamiyatli narsa ekaniga eʼtiborni jalb qiladi.
Bu sura qisqa bo‘lishiga qaramay, o‘zida juda ko‘p maʼnolarni jamlagan. Imom Shofeʼiy rahmatullohi alayhi: «Agar shu suradan boshqa sura nozil bo‘lmaganda ham, odamlarga kifoya qilardi», – degan ekanlar.
Nabiy sollallohu alayhi vasallamning sahobalaridan ikki kishi uchrashib qolsalar, «Val-asri» surasini bir-birlariga o‘qib bermasdan tarqalmas ekanlar.
Bu sura bashariyat hayotiga Islom iroda qilgan yo‘l-yo‘riqni o‘z ichiga olgan. «Val-asri» surasining bir oyati musulmon ummatining sifatini, haqiqatini va vazifasini bayon qiladi. Bu esa, o‘z navbatida, Qurʼonning mo‘jizasidir.