Kavsar surasi matni o‘zbek tilida
Bismillahir Rohmanir Rohiym
1. Innaa aʼtoynaa kal kavsar;
2. Fa solli liRobbika vanhar;
3. Inna shaani`aka huval abtar.
Kavsar surasi haqida maʼlumot
Makkada nozil bo‘lgan. 3 oyatdan iborat.
Ushbu surai karimaning nomi o‘zining birinchi oyatidagi «kavsar» so‘zidan olingandir. «Kavsar» so‘zi lug‘atda «ko‘p yaxshilik», «juda ham ko‘p yaxshilik» degan maʼnolarni anglatadi. Arablarda soni jihatidan, qadr-qiymati jihatidan va ahamiyati jihatidan ko‘p bo‘lgan narsaga «kavsar» deyiladi. Ushbu suradagi «kavsar»dan murod Alloh subhanahu va taolo tomonidan Nabiy sollallohu alayhi vasallamga ikki dunyoda berilgan ko‘p yaxshiliklardir. Mashhur mufassirlardan Abu Xayyonning aytishlaricha, «kavsar»dan ko‘zlangan murod haqida yigirma olti xil narsa zikr qilingan ekan.
Imom Termiziy rivoyat qilgan hadisda quyidagilar zikr qilinadi: «Kavsar jannatdagi daryo bo‘lib, uning ikki qirg‘og‘i oltindan, o‘zani duru yoqutdan, tuprog‘i miskdan xushbo‘y, suvi asaldan shirin, qordan oqdir. Kim undan bir marta ichsa, keyin abadiy chanqamaydi».
Imom Muslim va imom Termiziylar Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisda esa shunday deyiladi: «Bir kuni Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ichimizda turgan edilar, bir oz jim turib qoldilar-da, so‘ng tabassum-la boshlarini ko‘tardilar. Biz:
– Sizni nima kuldirdi, ey Allohning Rasuli? – dedik.
– Menga hozirgina bir sura nozil qilindi, – deb, «Bismillahir rohmanir rohiym. Innaa aʼtoynakalkavsar surasini qiroat qildilar. So‘ngra: – Kavsar nimaligini bilasizlarmi? – dedilar.
– Alloh va Uning Rasuli biluvchidirlar, – dedik.
– U Robbim azza va jalla menga vaʼda qilgan anhordir. Unda ko‘p yaxshilik bordir. U qiyomat kuni ummatim kelib, huzurimda suv ichadigan hovuzdir. Uning idishlari yulduzlar adadicha. Ularning ichidan bir banda sug‘urib olinadi. Men «U mening ummatimdan», deyman. Shunda «Bu sendan keyin nima qilganini bilmaysan», deyiladi».
Ibn Abbos roziyallohu anhu: «Kavsar – ko‘p yaxshilik» degan. Shu maʼnoda Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Bu dunyoda berilgan – nubuvvat, Qurʼon, ilm, ummatning ko‘pligi, dushmanlarga g‘oliblik, fathlarning ko‘pligi va u dunyoda berilgan – shafoat, havz, maqomi mahmud kabilarning hammasi kavsardan hisoblanadi», – deganlar.
Ushbu sura Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning o‘zlariga xos. Alloh taolo bu surada ul zotga yaxshi vaʼdalar beradi. Shuningdek, dushmanlarning nomini o‘chirishga vaʼda beradi va u zoti bobarakotni shukrga yo‘llaydi.
Maʼlumki, Muhammad sollallohu alayhi vasallamning o‘g‘il farzandlari turmagan, vafot etgan. Kofirlar, dushmanlar shundan ham darrov gap tarqatganlar, chunki musulmonlarning rahbariga tuhmat qilib, obro‘sini to‘kish bilan Islomning obro‘sini to‘kishga harakat qilish din dushmanlarining qadimdan ishlatib kelayotgan uslubidir. Ular: «Muhammadning orti kesik, ishini davom ettiradigan o‘g‘il farzandi yo‘q, vafotidan so‘ng hammaning yodidan chiqadi», – deyishgan.
Alloh taolo O‘z habibiga tasalli berib, dushmanlarga raddiya qilib, din farzanddan afzal ekanini bayon qiladi.