Masad (Lahab) surasi matni o‘zbek tilida
Bismillahir Rohmanir Rohiym
1. Tabbat yadaa abii lahabiv va tabb;
2. Maa ag‘naa ʼanhu maaluhuu va maa kasab;
3. Sayaslaa naaron zaata lahabiv;
4. Vamroatuhuu hammalatal hatob;
5. Fii jiidihaa hablum mim masad.
Masad surasi haqida maʼlumot
Makkada nozil bo‘lgan. 5 oyatdan iborat.
Bu surai karimaga o‘zining oxirgi «Masad» so‘zi nom bo‘lib qolgan. Suraning ikkinchi ismi «Lahab»dir. Ko‘pchilik uni suraning avvalidagi birinchi ibora – «Tabbat yadaa» bilan ham ataydi. «Masad» so‘zining maʼnosi «arqon»dir. Surada Abu Lahabning xotini bo‘ynida arqon ila do‘zaxga kirishi taʼkidlangan.
Ushbu suraning qahramoni Abu Lahabning asl ismi Abduluzzo ibn Abdulmuttolib bo‘lib, ikki yonog‘i olovdek qizarib turgani uchun Abu Lahab degan kunya olgan edi.
Alloh taolo «Va yaqinlaringni ogohlantir» degan oyatni nozil qilganda, Nabiy sollallohu alayhi vasallam Safo tepaligiga chiqib, baland ovoz bilan:
– Ey Quraysh jamoasi! – deb nido qildilar. Shunda ular to‘planishdi. Ul zot ularga qarab: – Agar sizlarga hozir «Vodiyda otliqlar ustingizga bostirib kelishga tayyor turibdilar», desam, ishonasizlarmi? – dedilar.
To‘planganlar:
– Ishonamiz, sening yolg‘on gapirganingni hech ko‘rmaganmiz, – deyishdi. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam:
– Albatta, men sizlarga shiddatli azobdan qo‘rqituvchi (payg‘ambar) bo‘lib keldim, – dedilar. Shunda Abu Lahab:
– Halok bo‘lgur! Bizni shunga yig‘dingmi?! – degandan so‘ng Alloh taolo Masad surasini nozil qilgan.
Abu Lahab Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning amakilari va eng ashaddiy dushmanlaridir. Uni boyligi, mol-mulki g‘ururga ketkazgan. U shunday sinf vakiliki, ular o‘zlariga vazifa yuklovchi barcha harakat va tuzumlarga qarshi chiqaverishadi.
Abu Lahabning xotini Ummi Jamil ham Islomning ashaddiy dushmanlaridan biri bo‘lib, Nabiy alayhissalom haqida turli bo‘hton va tuhmatlar tarqatib yurardi. U ham chaqimchilik, g‘iybatchilikka o‘ch, fitnachi ayollar toifasining vakilasi.