Nasr surasi matni o‘zbek tilida
Bismillahir Rohmanir Rohiym
1. Izaa jaa`a nasrulloohi val fath;
2. Va roaytan naasa yadxuluuna fii diinillaahi afvaajaa;
3. Fasabbih bihamdi Robbika vastag‘firhu, innahuu kaana tavvaaba.
Nasr surasi haqida maʼlumot
Madinada nozil bo‘lgan. 3 oyatdan iborat.
Ushbu surai karimaning nomi o‘zining birinchi oyatdagi «Iza jaaa nasrullohi» jumlasidan olingan. Nasr-nusrat, g‘alaba, yordam manolarini anglatadi. Har bir ishda Allohning nusrati bo‘lmasa, bir narsaga erishib bo‘lmaydi. Ayniqsa, «Fath» kabi ulkan hodisalar faqatgina Allohning nusrati ila bo‘ladi.
Ushbu surai karimada Alloh taolo Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga xitob qilib, u zotga O‘zi bergan nematni eslatmoqda va nasr kelganda, g‘alabaga erishilganda o‘zni qandoq tutish kerakligini o‘rgatmoqda.
Musulmonlar Islom davatining boshlanishida oz sonli bo‘lib ko‘plari kambag‘allardan edi. Kofirlarning sonlari, mollari, quvvatlari juda ko‘p edi. Muhammad sollallohu alayhi vasallam va sahobalar kofirlardan ozor chekardilar, azoblanardilar. Lekin bunga qaramay, Islom oldinga qadam tashlardi. Madinada musulmonlar jamoasi paydo bo‘ldi. Kofirlarning, ayniqsa Makka mushriklarining adovati yanada kuchaydi. Bir necha urushlar bo‘ldi. Atrofdagi barcha qabilalar Muhammad bilan o‘z qavmi Makka mushriklari orasidagi nizo nima bilan tugar ekan, agar makkaliklar g‘olib kelsa, Muhammadning Payg‘ambarligi rost bo‘lmaydi, agar Muhammad g‘olib kelsa, Payg‘ambarligi rost bo‘ladi, iymon keltiramiz, deb kutib turishardi.
Vaqti kelib Makka fath etilib, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam boshchiligidagi sahobiylar g‘olib, muzaffar bo‘lib Makkaga kirib borishgandan so‘ng hamma guruh-guruh bo‘lib Islomga kira boshladi. Bu surada shular haqida so‘z yuritiladi.