Qadr surasi matni o‘zbek tilida

Bismillahir Rohmanir Rohiym

1. Innaa anzalnaahu fii laylatil qodr;

2. Va maa adrooka maa laylatul qodr;

3. Laylatul qodri xoyrum min alfi shahr;

4. Tanazzalul malaaikatu varruuhu fiyhaa bi`izni Robbihim min kulli amr;

5. Salaamun hiya hattaa matlaʼil fajr;


Qadr surasi haqida maʼlumot

Madinada nozil bo‘lgan. 5 oyatdan iborat.

Ushbu surai karimaning nomi ham o‘zining birinchi oyatidagi «Qadr» kalimasidan olingan, to‘g‘rirog‘i «Laylatul Qadr»dan olingan. Bu muborak kecha «qadr» deb atalishining ikki xil maʼnosi bor. Birinchisi qadr, yaʼni qadri ulug‘, ikkinchisi qadar, yaʼni bandalarning qadarini belgilashdir. Chunki, Laylatul Qadr kechasi qadri ulug‘ kechadir. Laylatul Qadr kechasi bandalarning bir yillik qadarlari-taqdirlari belgilanadigan kechadir. Ushbu surai karima boshidan oxirigacha muborak Laylatul Qadr kechasiga bag‘ishlangandir.

Barcha xalqlarda o‘tgan ulug‘ kishilari, mashhur kunlari, dasturlari yoki boshqa munosabatlarni bayram qilish odat tusiga kirgan. Ular bu bayramlarda yeb-ichish, o‘ynab-kulish, araqxo‘rlik, turli fisqu fujurni xohlaganicha qilishga qulay fursat topadilar.

Islomda o‘ziga xos bayram bo‘ladi. Ilohiy dastur bayrami bo‘lmish «Laylatul Qadr» kechasi shulardan biri. Chunki xuddi shu kechada Qurʼoni Karimning nozil bo‘lishi boshlangan. Bu bayramda qalbni poklash, vijdonni sayqallash uchun ibodat qiladilar. Allohga yaqinlik hosil qilish uchun bu kecha bedor bo‘lib, uxlamasdan ibodat bilan o‘tkaziladi.

«Qadr» surasida Alloh taolo musulmonlarga O‘zi bergan ulkan neʼmatni, ularni zulmatdan nurga olib chiqqan Qurʼoni Karimni nozil qilganini eslatadi.

← Boshqa suralar