Kasal va bemor bo‘lganda o‘qiladigan duolar

Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga birov bir narsadan - chaqami, jarohatmi - shikoyat qiladigan bo‘lsa, ko‘rsatkich barmoqlarini yerga qo‘yib, so‘ngra ko‘tarib, quyidagi duoni o‘qir edilar: «Bismillahi turbatu arzina biriyqoti baʼzina yushfa bihi saqiymuna biizni robbina».
(Maʼnosi: Allohning ismi bilan, yerlarimizning tuprog‘i bilan, baʼzilarimizning tupugi bilan Rabbimizning izni ila kasallarimiz shifo topadi.) Imom Buxoriy, Muslim, Abu Dovud va boshqalar rivoyat qilishgan.

Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ahllaridan baʼzilariga o‘ng qo‘llarini surtib, panoh tilab, quyidagi duoni o‘qirdilar: «Allohumma robban nasi azhibil ba`sa ishfi anta shafiy la shifaa illa shifauka shifaan la yug‘odiru saqoma».
(Maʼnosi: Allohim, Sen insonlarning rabbisan, qiyinchiliklarni ketkaz, shifo ber, Sen shifo beruvchisan. Sening shifoingdan boshqa shifo yo‘q. Sen bergan shifo birorta ham kasallik qoldirmaydi.) Imom Buxoriy va Muslim rivoyatlari.

Bosh og‘rig‘i, isitma va boshqa og‘riqlarda

Ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam barcha kasalliklarga va isitma chiqqanida: «Bismillahil kabiyr, naʼuzu billahil ʼaziym, min sharri ʼirqin naʼʼar, va min sharri harrin nar», deb aytishni o‘rgatar edilar.
(Maʼnosi: Buyuk Allohning ismi bilan boshlayman. Ulug‘ Allohning nomi ila tomirdan shovullab oquvchi qonning yomonidan va do‘zax o‘tining yomonidan panoh tilayman.) Ibn Sunniy rivoyatlari.

Shifo topish niyatida Fotiha surasini o‘qishlik

Fotiha surasi “Shifo” surasi deb ham atalib, u qalbdagi va tanadagi turli kasalliklarga davo bo‘ladi. Abu Said Xudriy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi va sallam bizni – o‘ttiz otliq askarni jangga jo‘natdilar. Yo‘lda bir arab qishlog‘iga tushdik. Ulardan bizni mehmon qilishlari­ni so‘ragan edik, istamadilar. Shu vaqtda ularning boshliqlarini chayon chaqib olgan ekan, ular bizning oldimizga kelib: “Oralaringizda chayon chaqqaniga qarshi dam soladigan kishi bormi?” deb so‘rashdi. Men shunday duoni bilishimni aytib: “Ammo sizlar bizga haq to‘lamasangizlar men ham dam solmayman”, dedim. Ular: “Biz sizlarga o‘ttizta qo‘y beramiz”, deyishgach, men “Alhamdu” surasini yetti marta o‘qigan edim, haligi odam darddan butunlay xalos bo‘ldi. Biz qo‘ylarni olganimizdan keyin ko‘nglimizda shubha uyg‘ondi va ulardan birontasiga tegmay, Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning huzurlariga kelib, bo‘lgan voqeani aytib bergan edik, u zot: “Alhamdu” – ruqiya, u bilan dam solsa shifo bo‘ladigan sura ekanini qayerdan bilding? U qo‘ylarni taqsimlab olinglar va menga ham o‘zlaringiz bilan birga bir ulush bo‘linglar”, dedilar».

Imom Ahmad va Imom Bayhahiy “Shuʼabul iymon” kitobida Abdulloh ibn Jobir roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisi sharifda Rasululloh sollallohu alayhi va sallam unga: “Men senga Qurʼonda nozil bo‘lgan eng yaxshi sura haqida xabar beraymi?” dedilar. Abdulloh: “Xabar bering, yo Rasululloh”, dedi. Nabiy alayhissalom: “U Fotiha surasidir. Unda barcha kasal uchun shifo bordir”, dedilar.

Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: «Fotiha surasi har qanday dardga shifodir» dedilar (Imom Dorimiy rivoyati); «Bu surani chayon chaqib olganga yetti marta o‘qib dam solinsa, inshoalloh, shifo bo‘ladi», dedilar (Imom Termiziy rivoyati).

→ Fotiha surasi

← Boshqa duolar