Qiyinchilik va g‘am-tashvishda o‘qiladigan duolar

Qiyinchilik va g‘amginlik

Ali roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam agar menga biror qiyinchilik yoki xafachilik yetsa, quyidagi kalimalarni aytishni buyurdilar: «La ilaha illallohu karimul ʼaziym. Subhanahu tabarokallohu robbul ʼarshil ʼaziym. Alhamdu lillahi robbil ʼalamiyn».
(Maʼnosi: Ulug‘ va karim sifatli Allohdan boshqa iloh yo‘q. Ulug‘ arsh Rabbi Alloh barakotli va pokdir. Olamlar rabbi Allohga hamd bo‘lsin.) Nasaiy va Ibn Sunniy rivoyatlari.

G‘am yoki tashvish yetganda

Abu Muso Ashʼariy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Kimga g‘am-tashvish yetsa, ushbu kalimalar bilan duo qilsin, deganlarida, bir kishi: «Ey Rasululloh mana shu kalimalardan bebahra qolgan kishi xasoratdami» dedi, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Ha», deb javob berdilar. So‘ngra, «Bu kalimalarni o‘zinglar aytib, boshqalarga ham o‘rgatinglar. Kim bir narsa talabida ana shu kalimalarni aytsa, Alloh undan xafalikni ketkazib, xursandchiligini ziyoda qiladi», deb o‘sha kalimalarni aytdilar: «Allohumma inniy ʼabduka, ibnu ʼabdika, ibnu amatika, nasiyatiy biyadik, mazin fiyya hukmuk, ʼadlun fiyya qozouk, asaluka bikulli ismin huva laka sammayta bihi nafsaka av anzaltahu fi kitabika av ʼallamtahu ahadan min xolqika av istasarta bihi fiy ʼilmil g‘oybi ʼindaka an tajʼalal Qurʼana nuro sodriy va robiyʼa qolbiy va jilaa huzniy va zahaba hammiy».
(Maʼnosi: Men Sening qulingman, qulingning o‘g‘liman, cho‘ringning zurriyotiman. Peshonam Sening qo‘lingda. Hukming mening ustimda joriydir. Sening hukming odildir. O‘zingni nomlagan yoki kitobingda nozil qilgan yoki xalqingdan biror kishiga o‘rgatgan yoki g‘ayb ilmingda saqlab qo‘ygan ismlaring ila so‘raymanki, Qurʼonni dilimning nuri, qalbimning bahori, mahzunligimni arituvchi va g‘amimni ketkizuvchi qil). Ibn Sunniy rivoyatlari.

Qiyin ahvolga tushib qolganda

Ali roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam menga: «Ey Ali, qiyin ahvolga tushib qolganda aytiladigan kalimalarni o‘rgataymi?» dedilar. «Alloh meni sizga fido qilsin, o‘rgating», dedim. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Agar qiyin ahvolga tushib qolsang, «Bismillahir rohmanir rohiym. Va la havla va la quvvata illa billahil ʼaliyyil ʼaziym», deb ayt. Chunki Alloh mana shu duo bilan xohlaganicha, turli balolardan xalos qiladi», dedilar». Ibn Sunniy rivoyatlari.

Bir ish og‘irlik qilganida

Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Allohumma la sahla illa ma jaʼaltahu sahlan va anta tajʼalul hazna iza shi`ta sahla», deb aytardilar.
(Maʼnosi: Allohim, Sen yengil etgan narsagina yengildir. Agar Sen xohlasang, qattiq yerni ham tekis qiluvchisan.) Ibn Sunniy rivoyatlari.

Yashash qiyinlashganda

Ibn Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Birortangizning yashashi qiyinlashib qolsa, uyidan ko‘chaga chiqayotib quyidagi duolarni aytishdan nima man qiladi?» dedilar: «Bismillahi ʼala nafsiy va maliy va diniy. Allohumma rozziniy biqozoika va barik liy fiyma quddiro liy hatta la uhibba taʼjiyla ma axxorta va la ta`xiyro ma ʼajjalta».
(Maʼnosi: Nafsim, molim va dinimga Allohning ismini aytaman. Ey Rabbim, qazoi qadaringdan meni rozi et. Va taqdir qilgan narsangni men uchun barakali qil. Toki, kechiktirgan narsangni shoshiltirishni va shoshiltirgan narsangni kechiktirishni yaxshi ko‘rmayin.) Ibn Sunniy rivoyatlari.

Katta kichik musibat yetganida

Alloh taolo Baqara surasining 155-156-oyatlarida: «Biror musibat yetsa: «Albatta, biz Allohning (bandalarimiz) va albatta, biz U zotga qaytguvchilarmiz», deydigan sobirlarga xushxabar bering. Ana o‘shalarga Parvardigorlari tomonidan salovot (mag‘firat) va rahmat bordir. Ana o‘shalar haq yo‘lni topguvchilardir», deb aytgan.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Har bir narsada istirjoʼ yaʼni, «Inna lillahi va inna ilayhi rojiʼun», ayting, hatto oyoq kiyimingizning ipi (uzilgani) uchun ham, chunki u ham musibatdir», dedilar».
(Maʼnosi: Albatta, biz Allohning (bandalarimiz) va albatta, biz U zotga qaytguvchilarmiz). Ibn Sunniy rivoyatlari.

Najot topish niyatida Fotiha surasini o‘qishlik

Mufassirlar Fotiha surasini o‘qishda insonga ko‘rinadigan va ko‘rinmaydigan mingta xosiyat bor, deyishadi. Ulardan ayrimlari “Fatovoi sufiya” kitobida bunday keltiriladi: “Kim qirq kun Bomdod namozi sunnatini o‘qiganidan keyin to farz namoziga takbir aytilgunicha qirq bir marotaba Fotiha surasini o‘qib, Alloh taolodan nimani so‘rasa, barcha duosi ijobat bo‘ladi. Agar kambag‘al bo‘lsa, Alloh taolo uni boy qiladi, kasal bo‘lsa, shifo beradi, zaif bo‘lsa, quvvatli qiladi, g‘arib bo‘lsa, Alloh uni aziz qiladi, bepusht, farzandsiz bo‘lsa, farzandli bo‘ladi, qarzdor bo‘lsa, qarzidan najot topadi”.

→ Fotiha surasi

Najot topish niyatida "Solaatun nariya" o‘qishlik

Ulamolarning tajribalariga ko‘ra, ushbu salavotni yaxshi bir narsani niyat qilib 4444 marta o‘qilsa, Allohning izni bilan maqsad hosil bo‘lishi umid qilinadi. Bizning yurtlarda bu salavotni ko‘proq boshga musibat tushganda o‘qish yo‘lga qo‘yilgan. Naariya – yondiruvchi olov deganidir. Salavotning bunday nomlanishiga sabab shuki, u g‘am va muammolarni tezlik bilan kuydirib tashlaydi.

→ Solaatun nariya

Najot topish niyatida "Salotu Tunajjiyna" o‘qishlik

Ulamolar tajribalariga muvofiq ushbu tunajjiynaa salavotini 1111 marta yaxshi bir narsani niyat qilib o‘qilsa, Alloh izni bilan maqsad hosil bo‘lishi umid qilinadi. Bizning yurtlarda ko‘proq boshga musibat tushganda o‘qish yo‘lga qo‘yilgan. Tunajjiynaa - najot beruvchi, deganidir. Bu salavotni bunday nomlanishiga sabab, u g‘am va muammolardan najot berib, bartaraf qilgani uchundir.

→ Salotu Tunajjiyna

← Boshqa duolar